Главная » 2014»Август»20 » 10:56 «MILLION» JAMOASINING MILLION-MILLION ZARARI (Fikr Va Mulohaza)(UZBEKINO.NET)
10:37
10:56 «MILLION» JAMOASINING MILLION-MILLION ZARARI (Fikr Va Mulohaza)(UZBEKINO.NET)
Xalqimiz orasida “Kuling, umringiz uzayadi” degan naql bor. Inson miriqib, huzur bilan kular ekan, tanasidagi g’uborlardan poklanganday sezadi o’zini. Ammo ko’pchilikni kuldirish juda mushkul ish. Xalq orasida askiyachi, qiziqchi, deb nom olgan san’atkorlar ijrosidagi badiiy asarlar yumor va komediya janriga xos bo’lib, unda turmushimizda uchraydigan ayrim nuqsonlar, tabiatimizdagi kamchiliklar kulgi nishoniga olinadi. Askiyachilar, qiziqchilar shu yo’l bilan jamiyatni soflashtirishga hissa qo’shadi.
O‘zbek xalq ijodining bir turi bo’lgan askiya - o’tkir zehnli, hozirjavoblik demakdir. U ikki va undan ziyod kishi yoki guruhning xalq yig’inlari, sayil va to’ylarda ma’lum bir mavzu bo’yicha badiiy so’z bahslaridan iborat bo’lgan. Taraflar ba’zan davrada, ba’zan qarama-qarshi o’tirgan, turgan va yurgan holda ko’tarilgan mavzuga doir tez javob berish, ushbu so’z javoblarini serma’no, latif, ta’sirli, jozibali, ayniqsa, kulgili chiqarish uchun harakat qiladilar. Qaysi taraf javob topishda sustkashlik yoki mujmallik qilsa, mavzu janr doirasidan chiqib ketsa, ichki tartibni buzsa, o’sha taraf yengilgan hisoblanadi. Xo’sh, bugungi kunda qiziqchi nomini olgan, mazkur san’atni kasb qilganlar faoliyati ta’rifi keltirilgan madaniy asosda kechyaptimi? Keyingi yillarda mamlakatimiz miqyosda bu yo’nalishda guruhli va kichik teatr shaklida kulgi san’atini namoyish etish an’anaviy tusga kirdi. Yangi-yangi guruhlar, xususan, yaqin yillardan “Komedi.uz”, “Dizayn”, “Million” guruhlari paydo bo’ldi. Shu kunlarda omma orasida “qo’lma-qo’l” bo’lib turgan “MILLION” deb nomlangan diskni tomosha qildim. Uning jildiga yetti nafar guruh “qahramon”ining rasmi qo’yilgan. Zamonaviy asbob-uskunalar yordamida suratga olingan tasvirlar a’lo darajada. Dastur guruhning o’z “madhiya”si bilan boshlandi. Tabiiyki yangi asar tomoshabin e’tiborini tez tortadi. Ammo uning boshlanishidayoq kayfiyatingiz tusha boshlaydi. Sahnadagilarning gap-so’zlari, nutqi, shevachiligi, o’zini tutishi - hammasi ruhiyatimizga aks ta’sir o’tkazadi. Keling, ularning tomoshabinlar bilan salomlashishlariga e’tibor qarataylik: “Assalomu alaykum, oshno-og’aynigerchilikni yo’qotmey, shu oxirigacha billa bo’lib, lekin besh million qarz olib ketib, yo’q bo’lib ketganlar.” (?) Ikkinchi ishtirokchi: “Assalomu alaykum, pulli pulga urib, ketma-ket moshinani almashtirib, dadajonim bor bo’ling, deb, oddiy uyda ichkuyov bo’lganlar.”(?) Ularning nazarida tomoshabin kim? Nega uning sha’niga qarata haqoratli qochirimlar qilishmoqda? Bu ham yetmagandek yana bittasi: “... umuman tutundan kayf qiladiganlar”, deb qolsa bo’ladimi?! Salomga chiqqan so’nggi ishtirokchining gapiga qarang: “Assalomu alaykum, aptekaga borib, aptekaga borib...” Zalda o’tirgan tomoshabinlar asosan o’smir yoshlardan iborat. Ular orasida tanish chehralar, elimiz ardog’idagi san’atkorlar ham savlat to’kib o’tiribdi. Shu o’rinda «el nazari» haqida ikki og’iz so’z. Bilamizki, el ardoqlagan insonini boshga ko’taradi. Nazardan qolganlarning ahvoli esa ko’pchilikka ma’lum. Shunday ekan, har kim ardoqqa loyiq bo’lishga harakat qilishi kerak. ... Sahnadagi yigitlardan birining telefoni jiringlab qoldi. U gaplashyapti. Ikkinchisi unga qarab: “Alisher, telefon o’zidan radiatsiya chiqarib.. quloqqa zarar...” dedi. Yigit gaplashib bo’lib telefonini shimining cho’ntagiga solgandi, sherigi yana o’sha gapni takrorladi. Faqat u quloqqa demadi-da, boshqa joyni ko’rsatdi. Shu yerda biroz shoshilmaylik. Xo’sh, qachondan buyon insonning jinsiy a’zolari kulgi ob’yektiga aylanib qoldi?! Sahnaday mo’’tabar dargohga elning olqishini olaman, deb chiqqan odam gapiradigan gapining oqibatini o’ylab olmaydimi? “Kulgi” deya turli qiliqlarni qilib, gapiraversam odamlar kulaverarkan, deb, shu darajada besharm yo’lga o’tildimi? Ayting-chi, bu qanday san’at o’zi?! Bugun o’sha shamani qilayotgan beti qattiq, sahnaning egasi yo’q ekan, deb ertaga yalang’och chiqishdan ham toymaydi... - Ahmad, san moshina olibsanmi? - Ha, moshina oldim. - Axir sani pravang yo’g’u... Qanaqa qilib haydaysan? - Shundoq ko’chaga chiqaman. Ko’chada boshqa moshinalar bor. Ular menga shpargalka vazifasini o’taydi. Shularga qarab haydovraman. - Ja g’alati-yu, uylansang nima qilasan?(?) E’tibor bering, gap yana ishtonbog’ga qarab ketyapti(!) - Oka, Chilonzorga borsam, to’la shpargalka... Darhaqiqat, kulgu ostida jamiyatdagi fosiq unsurlar achchiq tanqid qilinadi. Tanqid san’at darajasiga, me’yoriga yetkazilgan holdagina o’z natijasini beradi. Ko’rinib turibdiki, keltirilgan misolda san’atkorona mahoratdan darak yo’q. Bilganingizdek tomoshabinlarning aksariyati yoshlar, yana qanchadan qancha disk ko’chada qo’lma-qo’l... Ishtirokchilarning aksar holatdagi xatti-harakati yigit kishiga, er kishiga yot. Aksincha ularning sha’nini yerga uradi. Erkak kishini o’ta yuvosh, yumshoq harakatli, ayolsifat etib ko’rsatish... “Do’st kulfatda bilinadi”, “Landovur yigitning uylanishi”, “O’ta zamonaviy er”, o’zlari “tarixiy” deb nomlagan “Qirol Artur” sahnasi umuman mantiqqa to’g’ri kelmaydigan harakatlar, bachkana qiliqlardan iborat. Bu kabi sahna ko’rinishlarida kurakda turmaydigan, kishini nafsoniyatiga teguvchi haqoratli so’zlar, bunga qo’shimcha harakatlar bilan to’ldirilgan. Ayniqsa, ular “Arxeologlar” deya nom qo’ygan sahna ko’rinishida topilgan erkak eksponatning tasavvurdagi shaxsini, yoshini aniqlashi... Ushbu ko’rinishda ishtirokchilarning bittasi ikkinchisiga: “... bu bo’ydoq ekan”, deydi. Ikkinchisi “Qayerdan bildingiz?” desa, unisi “Mana kafti yedirilib ketipti-yu...” degan jumlani ishlatadi. Bu gapni turli ma’noda tushunish mumkin. Biroq ular havola etgan ma’noda qo’llayotganini ko’rsangiz, astag’firullo deb yuborasiz. Endi masalaga chuqurroq yondashaylik. Ommaga mana shunday poyintar-soyintar tomoshalarni ko’rsatgani andisha qilmagan “masxarabozlar” kimlar o’zi? Xo’sh, ular san’atga qaysi yo’ldan kirib kelyapti? “Gap yo’q triosi”ni ko’rsangiz bu savollarga javob topasiz. Taniqli so’z ustasi Hojiboy Tojiboyev aytib ketgan jumlalar va estrada qo’shiqlari bilan qorishiq ushbu dasturda quyidagi holatga e’tibor bering. “SHo’xidan bo’lsin” degan allaqanday qo’shiqqa bir yigit fahshona, ayolsifat jirkanch qiliqlar bilan raqsga tushmoqda. Qo’shiq H.Tojiboyevning so’zlariga ulanadi: “Shu paytgacha ko’rmovdim, bir ko’rvolay...”, deya ishtirokchi raqqos yigitni yetaklab chiqib ketadi. Biroz vaqt o’tgach: “Rosa ko’rdim. Enamniyam ko’rdim(?) dunyoniyam ko’rdim...” deya qaytib chiqadi. Bunisi endi ortiqcha! Bir jinsli juftlikning sahnadagi namunasi. Ayrim ishtirokchi bolalarning labini bo’yab chiqishiga qaraganda, bu borada «san’atkor»lar namuna ko’rsatadi shekilli. Ha, shunday yo’l bilan ular tomoshabinlarga «mayna» bo’lmoqda. Ayting-chi, sog’lom aql egasi shularni kulgi san’ati, deb ayta oladimi? Ayrim “eshikdan quvsa, teshikdan kirib keluvchi”, o’zlarini haliyam osmondaman, deb o’ylab yurgan “yulduz”lar shu yerda ham baqir-chaqir qilib, o’ralashib yuribdi. Ko’r ko’rni qorong’ida topadi, deganlari shu bo’lsa kerak-da. Bunday guruhlar o’zlarining yengil-yelpi dasturlarini ochiq namoyish etayotgan sahnalarda qanchadan-qancha buyuk san’atkorlar izi qolgan. Shu muqaddas dargohni “masskultura”ning suyuq va bemaza atalasi bilan bulg’ashlari uchun ularga kim izn berdi?! Bu aynigan tomoshalarning sseynariysi qaysi badiiy kengash ko’rigidan o’tib, tasdiqlandi ekan?! Bu ham mayli, «Istiqlol» koshonasining eshigini ularga kim ochib berdi? Axir har bir tomoshaning qog’ozga tushirilgan adabiy ko’rinishi bo’ladi-ku. U ma’lum bir ko’rik va muhokamalardan so’ng ommaga namoyish etilishi kerak emasmi? Ajablanarlisi, el suygan, ba’zi ustoz san’atkorlarimiz o’z safdoshlari, hatto turmush o’rtoqlari bilan ularga jo’r bo’lib, ishshayib o’tirishibdi. Hatto ba’zilari dastur yakunida sahnaga chiqib, parda ortida qo’lini duoga ochib, ularga oq fotiha bergani-chi?! ... Restoran, kafe, bekatlar, dam olish maskanlari, hatto uzoq masofaga qatnovchi transport vositalaridagi monitorlarda ham shu “Million” tomoshasi. Bir so’z bilan aytganda, bu tomoshada bugun biz ko’zlagan odil maqsadlar sari olib boruvchi yo’ldan chalg’itishga urinuvchi “ommaviy madaniyat”ning jirkanch ko’rinishdagi unsurlarning hidi anqib turipti. Bugungi kunda butun jahon “ommaviy madaniyat” niqobi ostida jamiyatga suqilib kirayotgan salbiy va millat mafkurasiga xavf soluvchi oqibatlariga qarshi kurashilayotgani barchamizga ayon. Shu qatori mamlakatimizda ham ushbu holatga qarshi qat’iy choralar ko’rilib, ziyolilarning nigohi shunga qaratilgani bejiz emas. Jumladan, joriy yilning 16 fevralida O’zbekiston teleradiokompaniyasining “Yoshlar” telekanali orqali namoyish etilgan Avliyo Valentin kuniga bag’ishlangan dasturda uning yoshlar va jamiyatga salbiy oqibatlari, qusurli jihatlari ommaga nechog’li ta’sir o’tkazishi ochib tashlangan edi. “Ommaviy madaniyat”ning ashaddiy unsurlarini namoyish etuvchi, insoniyatga xafv solayotgan tadbir haqida ogoh etuvchi ko’rsatuv bo’lgandi. O’shanday mentalitetimizga yot jihatlar va belgilar mazkur “MILLION” guruhining dasturlarida ham o’z ifodasini topgani yaqqol ko’zga tashlanib turibdi. Ma’lumki, ustoz san’atkorlar, so’z ustalari Yusufjon qiziq, Ergash Karimov, Hojiboy Tojiboyev singari san’atkorlar ishlatgan jumla va iboralar xalqimiz orasida ommalashib ketgan. Uch-to’rtta o’zbek yig’inlarda bir-birini ko’rib qolsa, albatta o’sha iboralarni qo’llaydi. Undan zavqlanadi. «Million» jamoasi sahnalaridagi ayrim qusurlarga to’xtaldik xolos. Bu mavzuda sohaga mutasaddilik qiladigan mas’ullar ham o’z so’zlarini aytishar. Tan olish kerak, mazkur tomosha dasturida biz boshida keltirib o’tganimiz kabi atrofimizdagi ayrim nuqsonlarimiz tanqid ostiga to’g’ri olingan. Masalan, yo’qolib borayotgan odatlarimiz, shahar ichidagi ayrim ta’mirtalab yo’llar, estradaning oldi-qochdi qo’shiqlari haqidagi ko’rinishlarni tomosha qilsa arziydi. Lekin ular yuqorida ta’rifi keltirilgan kamchiliklarni oqlay olmaydi. Haqiqiy qiziqchi va so’z ustalari o’zining fazilati, mantiq kuchi bilan doim barchaning aqlini, fikrini qayraydi, ularni ziyrak bo’lishga da’vat etadi. Ana shunday san’atdan bahramand bo’lgan holda doimo xushchaqchaq, kulib yurishga muyassar bo’laylik. Zero, san’at, uning ixlosmandlari o’zini hurmat qilganlarni ardoqlaydi
Смотреть онлайн 10:56 «MILLION» JAMOASINING MILLION-MILLION ZARARI (Fikr Va Mulohaza)(UZBEKINO.NET) бесплатно в хорошем качестве